“Yuksalish” yuksaklik sari…

   “Yuksalish” yuksaklik sari…

  18-iyul kuni Navoiy shahridagi “Coworking” markazida “Yuksalish” umummilliy harakatining asosiy vazifalari, kelajakdagi rejalari muhokamasiga bag‘ishlangan viloyatda faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, Harakatning faoliyatini keng jamoatchilikka yetkaza oladigan jurnalistlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, chekka qishloqlardagi muammolarni chuqur tahlil eta oladigan jurnalist, muxbirlar uchun sharoit yaratib berishdan iborat.

      “Yuksalish” umummilliy harakati Navoiy viloyati bo‘linmasi rahbari Jamoliddin Hamrayev so‘zga chiqib, Harakat barcha soha vakillarini birlashtira oladigan joy bo‘lishi, amalga oshirilayotgan islohotlarni ro‘yi-rost yoritishda OAV xodimlarining tezkor va haqqoniy bo‘lishi, Vatan taraqqiyotiga hissa qo‘shaman degan har bir shaxs Harakat a’zosiga aylanishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Kelajakda “Yuksalish” nomli jurnalist fikr-mulohazalari minbari bo‘la oladigan alohida telekanal ochilishi haqida ham takliflar o‘rtaga tashlandi.

      Tadbir so‘nggida “Yuksalish” umummilliy harakatiga a’zo bo‘lgan jurnalistlarga sertifikatlar topshirildi.

Mahfuza PO‘LATOVA